Abu Toyyib al-Xo'qandiy
Biography
Abu Toyyib al-Xo'qandiy — to'liq ismi Abu Toyyib Tohir ibn Muhammad al-Mahzumiy al-Xo'qandiy — XI asrning birinchi yarmida Qo'qonda tug'ilgan olim. O'sha davrda Bag'dod Sharqning eng yirik ilmiy markazi bo'lib, arab xalifalari asos solgan «Bayt ul-Hikma» ilmiy akademiyasida Sharq allomalari izlanishlar olib borgan. Abu Toyyib madrasa tolibi sifatida Bag'dodda o'sha davr olimlari bilan ko'p bora uchrashib, bilimini oshirgan; xususan, shaharning mashhur kutubxonasida ishlagan va bu uning ilmiy faoliyatiga katta ta'sir ko'rsatgan. Madrasani tugatgach, kutubxonachilik, qozilik va mudarrislik qilgan. U o'z davrining yirik qomusiy olimi darajasiga ko'tarilib, fiqh, sarf, nahv, ilmi kalom, ilmi faroiz, tafsir, hadis, tasavvuf nazariyasi, grammatika, falsafa, riyoziyot va tabiiy fanlar bo'yicha o'ttizdan ortiq asar yozgan. Bu asarlar ro'yxati Yoqut Hamaviyning «Mu'jam ul-udabo» (Adiblar lug'ati) asarida keltirilgan.